пятница, 13 апреля 2018 г.

Qo'shnay nidosi



Ohang-ohang bo‘lib jolalanar dil,
Qo‘shnayga aylanib ketadi borliq.
Ikkisi bir ammo, nolalanar dil,
Ayro yashamoqqa chekilgan yorliq.

O'rtab yuboradi ikkisin dodi,

Dunyolarga sig‘may ketar fig‘onlar:
"Endi sevgim tomon to'xtagan odim,
Endi vujudimda qaynar armonlar..."

Ohang-ohang bo'lib tirnaydi hijron,

Ikkilangan kuyga singadi ash'or.
Yig‘labmu, ingrabmu to‘kilar marjon,
Hadya qilib ketdi firoqni dildor...

Taskin berolmaydi qo'shnay nidosi,

Zotan, ayriliqqa ne bo'lar malham?
Qo'shnay yig'lar xuddi ul yor vidosi,
Kuyga evrilganda dunyolari ham...

Qo'shnayga aylanib ketadi borliq...



Aziza Sobirova


1 комментарий: